Xorazm viloyatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tashkil etilgan Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar va investorlarga xususiylashtirishga taklif etilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari hamda mavjud yangi imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
An’anaviy Roadshow tadbiri ketma-ket oltinchi yil tashkil etilib, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonlari haqida xabardorlikni oshirish, foydalanilmayotgan obyektlarni iqtisodiy muomalaga kiritish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashishga qaratildi.
Tadbirda tadbirkorlar, investorlar hamda tegishli hududiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Unda davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, foydalanilmayotgan mulklardan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat budjeti daromadlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yer uchastkalari va davlat aktivlari: natijalar va istiqbollar
Davlat aktivlari agentligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Kalandarovning ta’kidlashicha, 2026-yilda viloyatda umumiy maydoni 18,7 gektar bo‘lgan 151 ta yer uchastkasi 1,53 milliard so‘mga sotilgan.
Shuningdek, umumiy qiymati 638 milliard so‘m bo‘lgan 68 ta davlat aktivi savdoga chiqarilgan. Ulardan 61 tasi 26,1 milliard so‘mga sotilgan. Ayni paytda umumiy qiymati 667,8 milliard so‘m bo‘lgan 79 ta davlat aktivi auksion savdolariga qo‘yilgan.
2026-yilda elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 118,1 gektar bo‘lgan 1 092 ta yer uchastkasi sotilgan. Hozirda umumiy maydoni 418,3 gektar bo‘lgan yer uchastkalari ham savdolarga chiqarilgan.
Xususiylashtirishda yangi imkoniyatlar
2026-yilgi xususiylashtirish dasturi doirasida davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda shartnoma qiymatining 15 foizini dastlabki to‘lov sifatida to‘lash, qolgan qismini esa qonunchilikda belgilangan tartibda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ayrim davlat ko‘chmas mulk obyektlarini belgilangan shartlar asosida sotib olishda shartnoma qiymatidan 25 foiz chegirma qo‘llash imkoniyati nazarda tutilgan. Bunda to‘lov olti oy ichida va 2027-yil 1-yanvarga qadar to‘liq amalga oshirilishi lozim.
Roadshow davomida tadbirkor va investorlarga davlat aktivlarini sotib olish tartiblari, auksionlarda ishtirok etish hamda mavjud imkoniyatlardan foydalanish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mazkur tadbirlar davlat mulkidan samarali foydalanish, xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash va investitsiyalarni jalb etishga xizmat qiladi.
Davlat aktivlari agentligi tadbirkorlar va investorlarni xususiylashtirish jarayonlari hamda yangi biznes imkoniyatlari haqida xabardor qilish ishlarini davom ettiradi.
Davlat aktivlari agentligi
Matbuot xizmati

