Yangiliklar

03 Noyabr 2026

SIRDARYO VILOYATIDA TADBIRKORLAR VA INVESTORLAR UCHUN YANGI IMKONIYATLAR TAQDIM ETILDI

Guliston shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Roadshow tadbiri o‘tkazildi. Oltinchi yil ketma-ket tashkil etilayotgan mazkur tadbirning asosiy maqsadi tadbirkorlar va investorlarni davlat mulkini xususiylashtirish imkoniyatlari bilan tanishtirish, foydalanilmayotgan obyektlarni iqtisodiy aylanmaga jalb etish hamda hududning investitsiyaviy salohiyatini keng namoyish etishdan iborat.

 

Tadbirda tegishli tashkilotlar rahbarlari, davlat hokimiyati organlari vakillari, tadbirkorlar, investorlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat 200 nafardan ortiq ishtirokchi qatnashdi.

 

Taqdimot davomida xususiylashtirishga taklif etilayotgan davlat aktivlari va yer uchastkalari, davlat mulkini xarid qilishning yangi mexanizmlari, shuningdek, mavjud obyektlardan samarali foydalanish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va davlat budjeti tushumlarini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

 

Yer uchastkalari va davlat aktivlari: natijalar va istiqbollar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Sharifovich Babadjanov ta’kidlaganidek, 2026-yilda elektron onlayn-auksion platformasi orqali umumiy maydoni 384,2 gektar bo‘lgan 708 ta yer uchastkasi 114,1 mlrd so‘mga sotildi.

 

Ayni paytda umumiy maydoni 224,5 gektar bo‘lgan yer uchastkalari bo‘yicha auksion savdolari davom etmoqda.

 

Bundan tashqari, 2026-yil davomida umumiy qiymati 319,0 mlrd so‘mlik 56 ta davlat aktivi savdoga chiqarildi. Shundan 22 ta aktiv 94,4 mlrd so‘mga sotildi. Hozirgi vaqtda auksion savdolarida umumiy qiymati 310,6 mlrd so‘mlik 53 ta davlat aktivi mavjud.

 

Ushbu ko‘rsatkichlar biznesni rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadida mol-mulk hamda yer uchastkalarini xarid qilishdan manfaatdor tadbirkorlar va investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

 

Xususiylashtirishning yangi mexanizmlari — biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar

Tadbirda 2026-yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturi doirasida nazarda tutilgan yangi shartlarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xarid qilishda obyekt qiymatining 15 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish mumkin. Qolgan summa esa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.

 

Bunday shartlar tadbirkorlar va investorlarning davlat mulkini xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirib, biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy resurslarni samarali rejalashtirishga yordam beradi.

 

Guliston shahrida o‘tkazilgan Roadshow tadbiri tadbirkorlar va investorlarni savdoga chiqarilgan davlat aktivlari, amaldagi xususiylashtirish mexanizmlari hamda davlat mulkini xarid qilish imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

 

Bunday tadbirlar xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, potensial investorlar doirasini kengaytirish hamda davlat aktivlaridan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan mamlakat hududlarida xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish, savdoga chiqarilgan davlat aktivlarini xarid qilish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari haqida tadbirkorlar hamda investorlarni xabardor qilish ishlari davom ettiriladi

 

.Davlat aktivlari agentligi

matbuot xizmat

75 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech