Davlat aktivlari agentligi Xorazm viloyatining Urganch shahrida joylashgan “UzXCMG” qo‘shma korxonasi ustav kapitalidagi 49,07 foiz davlat ulushini savdolarga chiqardi.
2014-yilda tashkil etilgan “UzXCMG” Markaziy Osiyoda Xitoyning XCMG kompaniyasiga tegishli birinchi ishlab chiqarish maydonchasi hisoblanadi. Korxona qurilish, tog‘-kon sanoati va suv xo‘jaligi sohalarida talab yuqori bo‘lgan ekskavatorlar, frontal yuklagichlar, yo‘l katoklari, greyderlar hamda boshqa maxsus texnikalarni ishlab chiqaradi.
2024-yil oktabr oyida korxona o‘zining 10 yilligini nishonlab, 3 000-texnikasini ishlab chiqardi. Yubiley tadbiri doirasida 100 ta g‘ildirakli ekskavator yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Korxona 5,99 gektar yer maydoni hamda umumiy maydoni 23 ming kvadrat metrdan ortiq ishlab chiqarish bino va inshootlariga ega.
Davlat ulushining savdolarga chiqarilishi investorlarga yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari va xalqaro hamkorlikka ega faoliyat yuritayotgan sanoat korxonasidan ulush sotib olish imkoniyatini yaratadi.
Davlat aktivlarini xarid qiluvchilar uchun qulay shartlar nazarda tutilgan. Jumladan, aktiv qiymati 6 oy ichida to‘liq to‘langan taqdirda, 25 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, aktivni boshlang‘ich to‘lovni 15 foizdan amalga oshirgan holda xarid qilish, qolgan summani esa foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.
Uzoq muddatli investitsiyalarni rejalashtirayotgan xaridorlar uchun 5 yoki 7 yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bunday shartlar xaridorlarning moliyaviy yukini kamaytirish, tadbirkorlarga davlat aktivlarini xarid qilish va biznesni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi Batafsil ma’lumot (havola orqali).
Davlat aktivlari agentligi
Matbuot xizmati

