Yangiliklar

27 Noyabr 2026

ROADSHOW TASHKENT: TADBIRKORLARNI XUSUSIYLASHTIRISHNING YANGI IMKONIYATLARI ATROFIDA BIRLASHTIRDI

2026-yil 27-noyabr kuni Xalqaro biznes markazida (IBC) O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlari agentligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining investitsiyaviy imkoniyatlari va davlat aktivlari” mavzusida “ROADSHOW TASHKENT 2026” xalqaro investitsiya tadbiri o‘tkazildi.

Yil davomida Roadshow respublikaning barcha hududlarini qamrab olib, tadbirkorlar va investorlarga xususiylashtirishga taklif etilayotgan obyektlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini yaratdi. Agentlik tomonidan bunday tadbirlar ketma-ket oltinchi yildirki tashkil etib kelinmoqda. Bu esa mahalliy va xalqaro ishbilarmon doiralar bilan hamkorlikni izchil kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati, xalqaro moliya institutlari vakillari, korporativ boshqaruv sohasidagi maslahatchilar, shuningdek, 300 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy tadbirkorlar hamda investorlar ishtirok etdi.

Tadbirning biznes dasturi doirasida Davlat aktivlari agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Nodirbek Husanov, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining o'rinbosari Odilxon Rustamov, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Markaziy va G‘arbiy Osiyo departamentining xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy rahbari Enriko Pinali, Xalqaro moliya korporatsiyasining (IFC) O‘zbekiston va Turkmaniston bo‘yicha vakolatxonasi rahbari Nil Makkeyn, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB)ning moliyaviy muassasalar bilan ishlash jamoasi bosh bankiri Xurshida Uzakovalar maʼruzalar bilan ishtirok etdilar. Spikerlar o‘z chiqishlarida O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati, xususiy sektorni rivojlantirish, biznesning xususiylashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, xalqaro moliyaviy instrumentlar va investorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari masalalariga to‘xtalib o‘tdilar.

Roadshowning asosiy maqsadi O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini namoyish etish, xususiylashtirishga taklif etilayotgan ustuvor davlat aktivlari haqida batafsil ma’lumot berish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlarni keng targ‘ib qilishdan iborat.

Davlat aktivlari – biznes uchun yangi imkoniyatlar

Tadbirning biznes dasturida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF–177-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturi taqdimoti markaziy o‘rin egalladi.

Ishtirokchilarga dasturning asosiy yo‘nalishlari hamda sotuvga chiqarilishi rejalashtirilgan davlat aktivlari ko‘lami haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, 2026-yilda 84 ta xo‘jalik jamiyatining ustav kapitalidagi davlat ulushlari, 1 242 ta ko‘chmas mulk obyekti, shuningdek, umumiy maydoni qariyb 8 000 gektarni tashkil etuvchi yer uchastkalarini sotuvga chiqarish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Farmonning 2-ilovasiga muvofiq, 2026–2027-yillar davomida korxonalarning ustav kapitalidagi 62 ta ulush paketini realizatsiya qilish nazarda tutilgan. Dasturda belgilangan aktivlarni sotishdan kutilayotgan tushumlar hajmi kamida 14 trln so‘mni tashkil etadi.

Taqdimot davomida tadbirkorlar va investorlar davlat mulkini xususiylashtirish va ijaraga berishning amaldagi mexanizmlari, savdolarda ishtirok etish shartlari hamda aktivlarni sotib olish tartibi bilan tanishdilar. Shuningdek, davlat aktivlarini sotib olish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda foydalanish mumkin bo‘lgan xalqaro moliyaviy instrumentlar hamda moliyalashtirish imkoniyatlari taqdim etildi.

Ushbu imkoniyatlardan tadbirkorlik tashabbuslarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda amaliy foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat aktivlari agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Nodirbek Husanov shunday deya taʼkidlab o‘tdi: “Biz uchun xususiylashtirish natijalarini faqat sotuvdan tushgan mablag‘lar hajmi bilan baholash yetarli emas. Asosiy iqtisodiy samara korxonalarga yangi kapital, zamonaviy texnologiyalar, xalqaro boshqaruv tajribasi va qo‘shimcha investitsiyalarning kirib kelishi, ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi hamda yangi ish o‘rinlarining yaratilishida namoyon bo‘ladi. Islohotlarning amaliy natijalari va investorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2026-yilning 11 oyi davomida umumiy qiymati 60,84 trln so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalari savdoga chiqarildi. Shundan, 30,21 trln so‘mlik aktivlar va yer uchastkalari realizatsiya qilindi. Shu bilan birga, AQSH, Janubiy Koreya, Singapur, Niderlandiya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va boshqa davlatlar investorlariga 5,2 trln so‘mlik davlat aktivlari realizatsiya qilindi. Bu esa xalqaro biznesning O‘zbekistondagi investitsiyaviy imkoniyatlarga qiziqishi ortib borayotganini tasdiqlaydi hamda mamlakat iqtisodiyotiga xususiy kapitalni yana-da keng jalb etish uchun yangi istiqbollarni ochadi”.

Salohiyatli investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot

Tadbirning biznes dasturidan O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlariga bag‘ishlangan videotaqdimot, savol-javob sessiyasi, shuningdek, B2G va B2B formatidagi uchrashuvlar o‘rin oldi.

Agentlik va davlat organlari vakillari ishtirokchilarning savollariga javob berib, xususiylashtirishning dolzarb jihatlari hamda davlat aktivlarini sotib olish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan tushuntirishlar berdilar.

Individual muzokaralar doirasida tadbirkorlar va investorlar Agentlik rahbariyati hamda mas’ul vakillar bilan uchrashdilar. Uchrashuvlarda biznes vakillarini qiziqtirgan obyektlar, aniq investitsiya takliflari va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur format investorlarning tashabbuslarini atroflicha ko‘rib chiqish va amaliy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash imkonini berdi.

Xususiylashtirish ko‘lamining kengayishi iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, raqobat muhitini rivojlantirish va xususiy sektorning rolini oshirishga xizmat qiladi. Xususiy kapitalni jalb etish davlat aktivlaridan yanada samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qo‘shimcha moliyaviy resurslardan foydalanish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun sharoit yaratadi. Ushbu jarayonda Roadshow muhim o‘rin tutib, salohiyatli investorlar doirasini kengaytirish va ularni xususiylashtirishga oid dolzarb takliflar bilan tanishtirishga xizmat qiladi.

 

Davlat aktivlari agentligi

Matbuot xizmati

43 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech