Yangiliklar

29 Oktyabr 2026

QASHQADARYO VILOYATIDA TADBIRKORLAR VA INVESTORLAR UCHUN YANGI IMKONIYATLAR TAQDIM ETILDI

Qarshi shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligining Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar va investorlarga xususiylashtirish uchun taklif etilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari hamda davlat mulkini xarid qilishning yangi mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.

 

Qashqadaryo viloyatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan an’anaviy tarzda ketma-ket oltinchi yil o‘tkazilayotgan Roadshow tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir tadbirkorlar va investorlarning davlat aktivlarini xarid qilish, foydalanilmayotgan obyektlarni iqtisodiy aylanmaga jalb etish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan.

 

Tadbirda hududdagi tegishli tashkilotlar rahbarlari, davlat hokimiyati organlari vakillari, tadbirkorlar, investorlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar soni 200 nafardan oshdi.

 

Roadshow davomida davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, foydalanilmayotgan obyektlardan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish hamda davlat budjetiga tushumlarni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi.

 

Yer uchastkalari va davlat aktivlari: natijalar va istiqbollar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Asliddin Turdiyevich Rustamov ta’kidlaganidek, 2026-yilda elektron onlayn-auksion platformasi orqali umumiy maydoni 256,9 gektar bo‘lgan 1 028 ta yer uchastkasi 155,9 mlrd so‘mga sotildi.

 

Ayni paytda umumiy maydoni 402,8 gektar bo‘lgan yer uchastkalari bo‘yicha auksion savdolari davom etmoqda.

 

Bundan tashqari, 2026-yil davomida umumiy qiymati 372,5 mlrd so‘mlik 64 ta davlat aktivi savdoga chiqarildi. Shundan 52 ta aktiv 89,9 mlrd so‘mga sotildi. Hozirgi vaqtda auksion savdolarida umumiy qiymati 619,1 mlrd so‘mlik 95 ta davlat aktivi mavjud.

 

Ushbu ko‘rsatkichlar biznesni rivojlantirish va yangi loyihalarni amalga oshirish maqsadida mol-mulk hamda yer uchastkalarini xarid qilishdan manfaatdor tadbirkorlar va investorlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

 

Xususiylashtirishning yangi mexanizmlari — biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar

Tadbirda 2026-yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturi doirasida nazarda tutilgan yangi shartlarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xarid qilishda obyekt qiymatining 15 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish mumkin. Qolgan summa esa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.

 

Bunday shartlar tadbirkorlar va investorlarning davlat mulkini xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirib, biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy resurslarni samarali rejalashtirishga yordam beradi.

 

Qarshida o‘tkazilgan Roadshow tadbiri tadbirkorlik hamjamiyatini savdoga chiqarilgan obyektlar, amaldagi xususiylashtirish mexanizmlari va davlat mulkini xarid qilish imkoniyatlari bilan tanishtirish uchun muhim maydon bo‘ldi.

 

Bunday tadbirlar xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash, potensial investorlar doirasini kengaytirish hamda davlat aktivlaridan samarali foydalanish uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.

 

Davlat aktivlari agentligi mamlakat hududlarida xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari haqida tadbirkorlar hamda investorlarni xabardor qilish ishlarini davom ettiradi.

 

Davlat aktivlari agentligi

matbuot xizmati

122 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech