Davlat aktivlari agentligi “O‘zavtosanoat-Leasing” MCHJ ustav fondidagi 100 foiz davlat ulushini boshlang‘ich narxi 114,9 mlrd so‘m etib belgilangan holda ochiq elektron auksionga qo‘ydi.
Kompaniya moliyaviy lizing sohasida faoliyat yuritib, yengil avtomobillar, tijorat transporti va maxsus texnikalarni xarid qilish imkoniyatlarini taqdim etadi. Faoliyat yo‘nalishlari qatoriga O‘zbekiston avtomobilsozlik sanoati korxonalari, jumladan, UZ Truck and Bus Motors, Samarqand avtomobil zavodi hamda UzAuto Trailer tomonidan ishlab chiqariladigan transport vositalarini lizing asosida xarid qilish kiradi.
Xususan, kompaniya avtobuslar va tijorat transport vositalarini xarid qilish uchun lizing yechimlarini taklif etadi.
Lotning asosiy parametrlari:
- Davlat ulushi: 100 foiz;
- Boshlang‘ich narx: 114,9 mlrd so‘m;
- Ustav fondi: 56,2 mlrd so‘m;
- Faoliyat sohasi: moliyaviy lizing.
Davlat aktivlarini xarid qiluvchilar uchun qulay shartlar nazarda tutilgan. Jumladan, aktiv qiymati 6 oy ichida to‘liq to‘langan taqdirda, 25 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, aktivni boshlang‘ich to‘lovni 15 foizdan amalga oshirgan holda xarid qilish, qolgan summani esa foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati mavjud.
Uzoq muddatli investitsiyalarni rejalashtirayotgan xaridorlar uchun 5 yoki 7 yilgacha bo‘lgan muddatga foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham nazarda tutilgan. Bunday shartlar xaridorlarning moliyaviy yukini kamaytirish, tadbirkorlarga davlat aktivlarini xarid qilish va biznesni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Davlat ulushining to‘liq savdoga chiqarilishi investorlarga moliyaviy lizing sohasida faoliyat yuritayotgan hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoati bilan bog‘liq kompaniyaning 100 foiz ulushini xarid qilish imkoniyatini yaratadi.
Savdo shartlari bilan tanishish va ishtirok etish uchun ariza topshirish E-auksion elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi.
Davlat aktivlari agentligi
Matbuot xizmati

