Bugun Davlat aktivlari agentligida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Agentlik markaziy apparati xodimlari, tizim tashkilotlari hamda hududiy bo‘linmalar vakillari ishtirok etdilar.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ–308-son qarori ijrosini ta’minlash, davlat tilida ish yuritish madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini kengaytirish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv davomida taniqli yozuvchi Bobur Bobomurod 1989-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinishining tarixiy jihatlari, uning jamiyat va kasbiy faoliyatdagi ahamiyati, milliy madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda xalqning ma’naviy merosini rivojlantirishdagi o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Tadbir so‘nngida ishtirokchilarning O‘zbekiston davlat tili haqidagi bilimlarini sinash va yanada mustahkamlashga qaratilgan onlayn viktorina tashkil etildi. Viktorina g‘oliblari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Agentlik xodimlarining bunday tadbirlarda ishtirok etishi davlat tilidan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, o‘zbek tilida ish yuritishga mas’uliyat bilan yondashishni shakllantirish hamda milliy madaniy qadriyatlarga hurmatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

