Yangiliklar

25 Noyabr 2026

DAVLAT AKTIVLARI AGENTLIGI O‘ZBEKISTONNING INVESTITSIYAVIY IMKONIYATLARINI BIRINCHI XALQARO TURIZM INVESTITSIYA FORUMIDA TAQDIM ETDI

Bugun Toshkent shahrida davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, ishbilarmon doiralar vakillari hamda salohiyatli investorlarni bir maydonda jamlagan Birinchi xalqaro turizm investitsiya forumi (TITF)ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Forumning yalpi sessiyasi doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ma’ruza bilan ishtirok etdi. O‘z nutqida u O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari, xususiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, turizm infratuzilmasiga xususiy investitsiyalarni jalb etish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.

 

Mamlakatning turizm salohiyati ortib borayotganini ta’kidlar ekan, Agentlik direktori turizmni rivojlantirish nafaqat xizmat ko‘rsatish sohasi, balki qurilish, transport, mehmonxona biznesi va infratuzilma kabi qator turdosh tarmoqlar uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

 

“Turizmni rivojlantirish – bu nafaqat xizmatlar eksportini kengaytirish, balki infratuzilma, qurilish, transport, mehmonxona biznesi va boshqa ko‘plab tarmoqlarga yangi investitsiyalarni jalb etishning ham muhim omilidir”, – deya ta’kidladi Sohibjon Murodov.

 

Chiqishda xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirishda xususiylashtirishning o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Agentlik direktori ta’kidlaganidek, davlat siyosati iqtisodiyotda davlat ishtirokini izchil qisqartirish, xususiy mulkchilikni rivojlantirish hamda investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

 

Shu nuqtayi nazardan, Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirishga nafaqat davlat aktivlarini sotish mexanizmi, balki strategik investorlarni jalb etish, korxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini joriy etish hamda biznesning raqobatbardoshligini oshirish vositasi sifatida qaraydi.

 

Nutqning alohida qismi turizm sohasidagi investitsiyaviy takliflarga bag‘ishlandi. Bugungi kunda investorlarga mamlakatning jozibador turistik hududlarida joylashgan turli obyektlar taklif etilmoqda. Ular qatoridan mehmonxonalar, zamonaviy biznes markazlari, savdo-ko‘ngilochar majmualar hamda dor yo‘llari kabi turistik infratuzilma obyektlari o‘rin olgan.

 

Ko‘plab investitsiyaviy takliflarning muhim afzalligi, ularda shakllangan infratuzilma va biznes yuritish uchun tayyor shart-sharoitlarning mavjudligidir. Bu investorlarga loyihalarni noldan boshlash zaruratisiz, faoliyat yuritayotgan biznes aktivlarini sotib olish, ularni rivojlantirish, modernizatsiya qilish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini kengaytirish imkonini beradi.

 

“Bizning vazifamiz nafaqat investorlarga jozibador aktivlarni taklif etish, balki ularni kelgusida rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan ham iborat. Biz xarid qilingan obyektlardan samarali foydalanilishi, ularning modernizatsiya qilinishi va iqtisodiy o‘sish nuqtalariga aylanishidan manfaatdormiz”, – deya ta’kidladi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori.

 

Ma’ruza davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yangi PF–177-son Farmoniga muvofiq joriy etilayotgan xususiylashtirishning yangi mexanizmlari ham taqdim etildi. Ular investorlar uchun moslashuvchan to‘lov shartlari, to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati hamda qo‘shimcha imtiyozlarni nazarda tutadi. Mazkur chora-tadbirlar dastlabki moliyaviy yuklamani kamaytirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.

 

Agentlikning forumdagi ishtiroki xalqaro investitsiya hamjamiyatiga O‘zbekistonning aniq investitsiyaviy takliflarini taqdim etish hamda davlat aktivlarining turizm sohasini rivojlantirishdagi salohiyatini namoyish etish imkonini berdi.

 

Davlat aktivlari agentligi mahalliy va xorijiy investorlarni taklif etilayotgan aktivlar bilan tanishishga hamda barcha ishtirokchilar uchun ochiqlik, shaffoflik va teng shartlar kabi tamoyillar asosida xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga chorlaydi.

 

 

Davlat aktivlari agentligi

matbuot xizmati

121 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech