Yangiliklar

28 Oktyabr 2026

BUXORODA TADBIRKORLAR VA INVESTORLAR UCHUN ROADSHOW TAQDIMOTI BO‘LIB O‘TDI

Buxoro shahrida Davlat aktivlari agentligining Roadshow taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda tadbirkorlar va investorlarga xususiylashtirish uchun taklif etilayotgan davlat aktivlari, yer uchastkalari hamda davlat mulkini xarid qilishning yangi mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.

 

Buxoro viloyatida Davlat aktivlari agentligi tomonidan an’anaviy tarzda ketma-ket oltinchi yil o‘tkazilayotgan Roadshow tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir tadbirkorlar va investorlarning davlat aktivlarini xarid qilish, bo‘sh turgan obyektlarni iqtisodiy aylanmaga jalb etish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishga qaratilgan.

 

Tadbirda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Jamshid Sharopov, Agentlikning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Firdavs Norov, «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish» AJning Buxoro viloyatidagi hududiy vakili Sulaymon Yunusov, Bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Fayzullo Ergashev, viloyatdagi tashkilotlar rahbarlari, 300 nafardan ortiq tadbirkor va investorlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

 

Roadshow davomida davlat aktivlari va yer uchastkalarini xususiylashtirish, bo‘sh turgan obyektlardan samarali foydalanish, tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda davlat budjetiga tushumlarni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi.

 

Yer uchastkalari va davlat aktivlari: natijalar va istiqbollar

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Firdavs Norov ta’kidlaganidek, 2026-yilda fuqarolar va tadbirkorlarga doimiy foydalanish, ijara hamda umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan, umumiy maydoni 30,7 gektarni tashkil etuvchi 313 ta yer uchastkasi 5,4 mlrd so‘mga xususiylashtirildi.

 

Natijada fuqarolar va tadbirkorlar ushbu yer uchastkalarini garovga qo‘yish yoki bo‘lib-bo‘lib sotish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

 

2026-yil davomida umumiy qiymati 1 347,6 mlrd so‘mlik 69 ta davlat aktivi savdoga chiqarildi. Shundan 28 ta aktiv 101,6 mlrd so‘mga sotildi. Ayni paytda auksion savdolarida umumiy qiymati 1 455,6 mlrd so‘mlik 80 ta davlat aktivi turibdi.

 

Shuningdek, yil davomida elektron onlayn-auksionlar orqali umumiy maydoni 159,3 gektar bo‘lgan 824 ta yer uchastkasi 381,8 mlrd so‘mga sotildi. Hozirgi vaqtda umumiy maydoni 854,2 gektarni tashkil etuvchi yer uchastkalari bo‘yicha elektron onlayn-savdolar davom etmoqda.

 

Mazkur ko‘rsatkichlar Buxoro viloyatida davlat mulki va yer uchastkalarini xususiylashtirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.

 

Xususiylashtirishning yangi mexanizmlari — biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar

Tadbirda Prezidentning PF-177-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2026-yilga mo‘ljallangan Xususiylashtirish dasturi doirasida joriy etilgan yangi imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.

 

Xususan, davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xarid qilishda obyekt qiymatining 15 foizi miqdorida boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish, qolgan summani esa qonunchilikda belgilangan muddatlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin.

 

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat ko‘chmas mulk obyektlari uchun qo‘shimcha imtiyozlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, shartnoma qiymati 2027-yil 1-yanvarga qadar olti oy davomida to‘liq to‘langan taqdirda, xaridorga shartnoma qiymatidan 25 foiz miqdorida chegirma berilishi belgilangan.

 

Mazkur mexanizmlar tadbirkorlar va investorlarning davlat mulkini xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish, moliyaviy resurslarni samarali rejalashtirish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.

 

Buxoroda o‘tkazilgan Roadshow tadbiri tadbirkorlar va investorlarni savdoga chiqarilgan davlat aktivlari, yer uchastkalari hamda xususiylashtirishning amaldagi mexanizmlari bilan tanishtirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

 

Bunday tadbirlar xususiylashtirish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash, potensial investorlar doirasini kengaytirish va davlat aktivlaridan samarali foydalanish uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.

 

Davlat aktivlari agentligi hududlarda xususiylashtirish imkoniyatlari haqida tadbirkorlar va investorlarni xabardor qilish, ularning jarayonlarda faol ishtirokini rag‘batlantirish hamda davlat mulkini iqtisodiy aylanmaga jalb etish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

 

Davlat aktivlari

agentligi matbuot xizmati

128 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech