Yangiliklar

23 Iyul 2024

Kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tadbirkorlarining huquqlarini yanada kengaytirish choralari ko‘riladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko'ra (https://lex.uz/pdfs/7027946):

2024-yil 1-avgustdan boshlab kichik sanoat zonalari ishtirokchilari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik subyektlarining investisiya va ijtimoiy majburiyatlari bajarilganligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari huzuridagi Kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish bo‘yicha yagona direksiyalar tomonidan majburiyatlarni bajarish muddati tugagandan so‘ng uch oy ichida qabul qilinadi (amalga oshirish muddati 2024-yil 1-avgustga qadar tugagan loyihalar bundan mustasno).

2024-yil 1-sentyabrga qadar kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hududida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarning muammolarini o‘rganib, ularni bartaraf etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi.

2024-yil 1-oktyabrga qadar kichik sanoat zonalari ishtirokchilari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari yosh tadbirkorlik subyektlarining investitsiya va ijtimoiy majburiyatlarining bajarilganligi yoki bajarilmaganligi xatlov o‘tkazilib, ularning hisobini yuritish bo‘yicha alohida elektron dastur ishga tushiriladi va har chorakda ma’lumotlar yangilab boriladi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida joylashgan davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish vakolati berildi.

 

Ma'lumot uchun, bugungi kunda respublika bo'ylab 529 ta kichik sanoat zonalari hamda 202 ta yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan.

7 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech