Yangiliklar

14 Iyun 2022

“Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ma’qullandi

Bugun Oliy Majlis Senatining yigirma yettinchi yalpi majlisi kun tartibida “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni muhokama qilindi va natijasi bo‘yicha ushbu qonun ma’qullandi.

Qonunning maqsadi davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, unda:

1) davlat mulkini boshqarishning prinsiplari belgilanmoqda. Bunda muhim prinsiplardan biri sifatida davlat korxonalariga va nodavlat yuridik shaxslarga xo‘jalik faoliyatini yuritishi uchun teng shart-sharoitlar yaratish hamda davlat korxonalariga qo‘shimcha imtiyozlar va preferensiyalar berilmasligi belgilab o‘tilmoqda;

2) davlat mulkiga egalik qilishning mezonlari belgilanmoqda;

Davlatda faqatgina strategik manfaat va aholi xavfsizligi ob’ektlari, tabiiy monopoliya, xususiy sektor uchun norentabel sohalar, xususiylashtirilmaydigan ob’ektlar saqlab qolinadi.

3) davlat mulklari respublika mulki va munitsipal mulk turlariga ajratilmoqda;

4) davlat mulkidan foydalanish samaradorligini baholash mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda;

Baholash natijalariga ko‘ra, balansda saqlovchilar tomonidan ortiqcha, foydalanilmagan yoki maqsadga muvofiq foydalanilmagan mulk ulardan qaytib olinib, samarali foydalanish choralari ko‘riladi.

5) davlat mulkini boshqarish sub’ektlari, ya’ni Vazirlar Mahkamasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, davlat organlari va hokimliklar va ularning vakolatlari belgilanmoqda;

6) davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni joriy etishning asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda;

Davlat ishtirokidagi korxonalar rahbarlariga ularning faoliyati samaradorligiga qarab, kuzatuv kengashining esa korxonalardagi korporativ boshqaruv tizimi natijalariga qarab baho beriladi, kuzatuv kengashi tomonidan rahbarning hisobotlari, jumladan xaridlar to‘g‘risidagi hisobotlari har chorakda kamida bir marta ko‘rib chiqiladi.

7) davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari – Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, davlat ulushi mavjud tijorat banklari va strategik korxonalar – Moliya vazirligimunitsipal ahamiyatdagi xo‘jalik jamiyatlari – hokimliklar tomonidan boshqarish nazarda tutilmoqda;

8) davlat unitar korxonalari va davlat muassasalarini tashkil etish, ularning faoliyat yuritishi va qayta tashkil etishning asosiy qoidalari belgilanmoqda;

Bunda davlat unitar korxonalar va davlat mulkini saqlash mezonlariga mos kelmaydigan davlat muassasalari xo‘jalik jamiyatlariga (AJ, MChJ) aylantiriladi.

9) davlat mulkini boshqarishda hisobdorlik, shaffoflik va ma’lumotlarni oshkor qilish talablari belgilanmoqda.

Ushbu Qonun qabul qilinishi davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirishga, davlat mulkini boshqarish sohasini yanada takomillashtirishga hamda bu sohada davlat va mahalliy davlat hokimiyati organlarining mas’uliyatini va vakolatlarini aniq belgilash, davlat mulkini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: "Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 15 martda qabul qilingan.

9 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech